“Sog‘lom avlod uchun” fondining “O‘zbekiston temir yo‘llari” DATYK bilan hamkorlikdagi navbatdagi gumanitar aksiyasi – “Salomatlik poyezdi” Surxondaryo va Qashqadaryoning olis tumanlariga yo‘l oladi, deb xabar qiladi “12news.uz”.
Poyezd 5-maydan 13-maygacha Toshkent – Sariosiyo – Qumqo‘rg‘on – Boysun – Oqrabot – Dehqonobod – Toshkent yo‘nalishida harakat qiladi. Joriy yilda “Salomatlik” poyezdi safari Navoiy viloyatiga uyushtirilgandi.
2015-yilning 5-may kuni soat 22:20 da Toshkentdan navbatdagi “Salomatlik poyezdi”da Qashqadaryo va Surxondaryoga oliy toifali shifokorlar jo‘nab ketadi. Ular birinchi navbatda ayollar va bolalarni tekshiruvdan o‘tkazadi. Alohida e’tibor nogiron bolalarga, ko‘p bolali va boquvchisini yo‘qotgan oilalarga qaratiladi.
1 milliard so‘mdan oshiq bo‘lgan gumanitar yordam dori-darmonlar, gigiyena vositalari, nogironlar aravachalari, multivitaminlar, oziq-ovqat mahsulotlari, kanselyariya mahsulotlari va kiyimlarni o‘z ichiga oladi.
Fondning Surxondaryo va Qashqadaryodagi filiallari yordamida aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, tibbiy madaniyatni oshirish va aholining yordamga muhtoj qatlamiga gumanitar yordam berish maqsadida uchrashuvlar tashkil etiladi.
Ushbu tadbirga GFR, AmeriCares (AQSh), Resourse & Police Exchange (AQSh), Toms Shoes (AQSh), “Dori-Darmon” AK, “Farmed” XK, Navruz PTK MChJ, Orto best MChJ, Interglobe MChJ, Ravshan capital plyus MChJ va boshqalar homiylik qilmoqda.