Asli Namangan viloyatining Pop tumanidan bo‘lgan 42 yoshli Mavlonxon To‘rayev 2014-yilning 1-avgust kuni O‘zbekiston mustaqalligining 23 yilligi oldidan o‘ziga xos loyihani amalga oshirishga kirishdi. U nogiron bo‘lishiga qaramay, aravachada Toshkentdan Samarqand viloyatigacha bo‘lgan hududni bosib o‘tishni niyat qilgan. Bu haqda Jizzax shahar hokimligi axborot xizmati xabar berdi.
“Bu xayriya marafonimizning ikkinchi bosqichi sanaladi. Dastlab ‘2010 — Barkamol avlod yili’ning avgust, sentabr oylarida birinchi bosqichni muvaffaqiyatli ado etganmiz”, — deydi marafonchi Mavlonxon To‘rayev.
Toshkent, Sirdaryo, Jizzax, Samarqand va Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha amalga oshirilayotgan marafonning ikkinchi bosqichida Mavlonxon To‘rayevga o‘g‘li Nodirbek hamrohlik qilmoqda.
“Oilamiz bilan xayrlashib chiqib ketganimizga 15 kun bo‘ldi. O‘g‘lim bilan birga ushbu xayriya loyihasini amalga oshirar ekanmiz, yurtimizdagi tinchlik xalqimiz uchun shukrona keltirishi lozim bo‘lgan ne’mat ekanligiga amin bo‘ldik. Turli insonlar bilan uchrashdik. Ular bilan hamsuhbat bo‘larkanmiz, uni kundalik sayohat daftarimizga qayd etib boryapmiz. Nasib etsa, xayriya marafonidan tushgan mablag‘ga ushbu xotiralar asosida kitob nashr ettirish niyatidamiz. Oilamiz bilan O‘zbekiston ‘Milliy tiklanish’ demokratik partiyasining a’zosimiz. Shu partiyaning oilaviy boshlang‘ich tashkiloti yetakchisiman. Ushbu sayohat davomida bizni qo‘llab-quvvatlagan partiya vakillariga va O‘zbekiston Nogironlar jamiyati hamda uning bo‘limlariga samimiy minnatdorchiligimni bildiraman”, — deya so‘zini yakunladi M.To‘rayev.
Jizzax shahrida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari bilan tanishgach, marafonchi Samarqand zaminiga kuzatib qo‘yiladi. Marafonning yakunlanishi istiqlol bayramining 23 yilligi arafasida poytaxtdagi “Mustaqillik maydoni”da o‘tkaziladi.
Izoh (0)