Facebook ijtimoiy tarmog‘idagi “Voditeli Tashkenta” guruhi a’zolaridan biri joylagan videorolikda 12 avtomobil qizil chiroqqa qaramay piyodalar o‘tish yo‘li bilan bo‘lgan chorrahadan o‘tib ketdi.
Voqea Toshkentdagi Shota Rustaveli va Kichik Mirobod (sobiq Ivleva) ko‘chalari kesishmasida bo‘lib o‘tdi.
Guruh foydalanuvchilari qoidabuzarlarga nisbatan salbiy fikrlar bildirdi. Bir foydalanuvchi bunday qoidabuzarlarning g‘ildiraklarini puchaytirib qo‘yishni taklif etgan bo‘lsa, ikkinchisi bunday qo‘pol qoidabuzarliklar Toshkentda odatiy hol bo‘lib qolganini, qizil chiroqqa o‘tib ketish hech kimni hayratlantirmasligini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, svetofor signallariga bo‘ysunmagan avtohavaskorga eng kam oylik ish haqining 2 barobarida jarima solinadi. Videoda aks ettirilgan 12 ta qoidabuzarlik davlat g‘aznasiga jarima ko‘rinishida 2 306 520 so‘m foyda keltirishi mumkin edi.