Qozog‘iston prezidenti Nursulton Nazarboyevning sobiq kuyovi Rohat Aliyev 5-iyun kuni Venada qo‘lga olindi, u qotillik va odam o‘g‘irlashda ayblanmoqda. Bu haqda Agence France Presse xabar berdi.
Rohat Aliyevni hibsga olish haqidagi buyruq Avstriya hukumati tomonidan 19-may kuni chiqarilgan. Qozog‘iston rahbarining sobiq kuyovi vakili Manfred Aynedter ta’kidlashicha, uning himoyasi ostida bo‘lgan Aliyev huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lgan. U tergov ishlarida qo‘lidan kelgancha yordam bermoqchi.
Rohat Aliyev Qozog‘iston prezidentining to‘ng‘ich qiziga uylangan edi. U biznes bilan shug‘ullangan va Milliy xavfsizlik qo‘mitasida ishlagan. Keyinchalik Qozog‘istonning Avstriyadagi elchisi etib tayinlangan.
2007-yilda Qozog‘istonda Aliyev ikki nafar bank xodimini o‘g‘irlab ketganlikda ayblandi (to‘rt yildan so‘ng ularning jasadlari topilgan), unga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atildi va 20 yillik qamoq jazosiga sirtdan hukm qilindi (ungacha prezidentning qizi bilan ajrashib bo‘lgan). Biroq u jazodan qochib, Avstriyaga ko‘chib o‘tdi. Keyinroq Aliyevga sirtdan yana bir hukm chiqarildi: u davlat to‘ntarishini amalga oshirishga urinishda ayblandi va yana 20 yillik qamoqqa hukm qilishdi.
Vena unga nisbatan adolatli hukm chiqarilmasligidan xavfsirab, Aliyevni Qozog‘istonga qaytarib berishdan ikki marta bosh tortdi. 2011-yil iyulida Avstriya yustitsiyasi Aliyevga nisbatan o‘z tergovlarini boshladi. Bungacha u Maltaga qochib qolgan edi.
Aliyev ayblovlarning barchasini rad etib, o‘zining siyosiy ta’qiblar qurboniga aylanganini ta’kidlagan.