6-iyun kuni Eron shimolida yo‘lovchi poyezdi yuk poyezdi bilan to‘qnashib ketdi. Natijada kamida o‘n kishi halok bo‘lib, yana o‘nlab kishilar jarohatlandi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
Ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning Mashhad shahridan Tehronga qarab ketayotgan poyezdda 300 dan ortiq kishi bo‘lgan.
To‘qnashuv Tehrondan 350 kilometr sharqda joylashgan Damgan shahridagi temir yo‘l stansiyasida sodir bo‘ldi. Ayni paytda voqea joyida qutqaruv ishlari olib borilmoqda, jarohat olganlarga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda. Biroq qurbonlar soni ortishi xavfi bor.
Stansiya hududida poyezdlar harakati to‘xtatildi. Halokat sabablarini aniqlash ishlari boshlangan.