O‘zbekiston xalq artisti, marhum Sherali Jo‘rayev 12 yil avval Farg‘ona viloyatidagi Shohimardon qishlog‘ida bergan konsertida qo‘shiqlari mualliflik huquqi ostida himoya qilinishini aytib, undan boshqa san’atkorlar o‘g‘irlamasligini so‘rgan.
Tepada o‘tirganlarning o‘zlari buzib tursa, yoshlar nima qilsin, qayoqqa qarab ketsin ular? Shuning uchun maslahatim, o‘zingizning qo‘lingizdan kelgan narsani qiling. Birovdan o‘g‘irlamang, “Bilmaydi”, desangiz, xato qilasiz.
Bu qo‘shiqlarning hammasi qonun-qoidalardan o‘tkazilib, mualliflik huquqi olingan. Ertaga farzandlaringiz chiqib, “Bu mening dadamning musiqasi edi”, desa, mening farzandlarim esa “Bu mening dadamning musiqasi”, desa, to‘polon bo‘ladi. Men buni xohlamayman. Shuning uchun birodarlar, musiqachilar, xonandalar, bir-biringlarning hurmatinglarni joyiga qo‘yinglar, — degan xalq artisti.
Sherali Jo‘rayev xonanda va musiqachilarni hurmat qilishini ta’kidlab, “Sizlar elning farzandlarini to‘g‘ri yo‘lga yetaklaydigan zotsizlar”, deb ta’rif bergan.
Avvalroq Shohjahon Jo‘rayev Sherali Jo‘rayev qo‘shiqlarining qorovuli sifatida mashhur san’atkorlardan otasining qo‘shiqlariga “osilmaslikni” so‘ragan edi.
Ma’lumot uchun, Sherali Jo‘rayev 2023-yil uzoq davom etgan xastalikdan so‘ng 77 yoshida vafot etgan. Buyuk hofiz ijodiy faoliyati davomida yuzlab qo‘shiqlar yaratdi, Sherali Jo‘rayev ijod maktabiga asos soldi, yuzlab shogirdlar chiqardi. 1981-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan, 1987-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan, 1991-yilda Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofoti bilan, 2018-yilda “Tojikiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan, 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va 2022-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlandi.
Eslatib o‘tamiz, xonanda Qodirov Botir Sheraliyevich javobgarlar — Shohjahon va Zohirshoh Jo‘rayevlardan otalikni belgilashni talabi chiqqan sud ishi davom etmoqda.
Holat yuzasidani izoh bergan Zohirshoh Jo‘rayev jamoatchilikdan bunday piar va hayplarga oilasini aralashtirmaslikni iltimos qilib so‘ragan.
Keyinroq Botir Qodirov Sherali Jo‘rayevning nikohli farzandi ekanligi hamda marhum hofizning o‘g‘illari bilan nima maqsadda sudlashayotgani haqida gapirgan edi.
Sherali Jo‘rayevning birinchi turmush o‘rtog‘i Xursanoy aya Botir Qodirov haqiqatan ham Sherali Jo‘rayevning o‘g‘li ekanligini ta’kidlagan.
Izoh (0)