Yaponiyada ayollarning o‘rtacha umr ko‘rishi 87 yoshni, erkaklarniki esa 81 yoshni tashkil qiladi. 2021-yilda mamlakatda 80 ming nafardan ortiq 100 yoshdan oshgan odamlar yashayotgani qayd etildi. Urushdan keyingi 40-yillarda yaponlarning umr ko‘rish davomiyligi 56 yoshdan oshmas edi. Bu fakt shuni ko‘rsatadiki, bu hodisaga millatning genetik moyilligi ta’sir ko‘rsatmaydi, chunki uzoqroq yashashga imkon beradigan qandaydir genetik materialning shakllanishiga juda oz vaqt o‘tdi. Bu jarayon uchun kamida bir necha ming yil kerak bo‘ladi.
Yaponlarning uzoq umr ko‘rish siri nimada? 80 yillik yubileyga qadar umrni uzaytirish va ayni paytda aqliy zaiflik kuzatilmasligi uchun qanday qoidalarga amal qilish kerak? Biz yuz yillab umr ko‘ruvchi yaponiyaliklarning odatlarini tahlil qildik va ular orasida to‘rtta umumiy odatni aniqladik, deb yozmoqda Wday nashri.
Oziq-ovqat: ovqatlanish odatlari va axborot ta’limi
Yaponlar taomnomasi dengiz mahsulotlari va qizil baliqdan iborat. Yapon taomlarining aksariyatini guruch, dengiz o‘tlari, sabzavot va fermentlangan soya tashkil qiladi. Umuman olganda, nordon ovqatlar hazm qilishni yaxshilagani uchun Yaponiyada ularga talab katta.
Qovurilgan va xamir ovqatlar deyarli iste’mol qilinmaydi. Asosan hamma narsa bug‘lab pishiriladi. Mol go‘shti, shuningdek, shirinliklar, shokolad batonchiklari va konfetlar kamdan kam hollarda yeyiladi. Qisqa qilib aytganda yaponlar ortiqcha ovqatlanmaydi. Ularning odatlari, masalan, Amerika va Yevropa standartlaridan juda farq qiladi. Bu mamlakatda odamlar stoldan biroz och, ya’ni to‘yib ovqatlanib olmasdan burun qo‘zg‘alishi kerak, degan qoidaga amal qiladi. Ular uchun bir vaqtning o‘zida qorinni to‘ydirib olishdan ko‘ra, yana ovqatlanish uchun nimanidir tanovul qilish qulayroqdir.
Yaponlarning salomatligida davlat muhim rol o‘ynaydi. Misol uchun, 30 yil davomida Yaponiyada oshqozon saratoni va yurak-qon tomir kasalliklari o‘limning asosiy sabablari bo‘lib kelgan. Uzoq tahlillardan so‘ng, bu kasalliklarning asosiy sabablari qaynoq va sho‘r ovqatlar ekanligi ma’lum bo‘ldi. 1995-yilda Yaponiyada aholini himoya qilish uchun axborot kampaniyasi boshlandi — televideniye, radio va boshqa ommaviy axborot vositalarida ular bunday oziq-ovqatning xavfliligi haqida gapirdi. Natijada, 2013-yilga kelib, saraton va yurak xurujidan o‘lim darajasi 22 foizga kamaydi.
Yaponiyada keksalar uchun alohida oziq-ovqat ishlab chiqariladi. Bunday oziq-ovqatdagi maxsus komponentlar ovqatni chaynash osonroq bo‘lishiga hissa qo‘shadi. Bundan tashqari, kollagenning ko‘p miqdori bo‘g‘in va ligamentlarning elastikligini yaxshilaydigan moddani o‘z ichiga oladi.
Harakat va muloqot — hayot asosidir
Yuz yil umr ko‘ruvchi yaponlar inersiya (harakatsizlik)ni inkor etadi. Ular har kuni oddiy, ammo murakkab jismoniy mashqlarni bajarishga harakat qiladi. Shuningdek, bu yerda keksa odamlarning ko‘cha-kuyda yig‘ilishlarini tez-tez ko‘rish mumkin — ular shaxmat o‘ynashadi, ushu bilan shug‘ullanishadi (pensionerlar uchun alohida yo‘nalish mavjud) yoki shunchaki biror mavzuni muhokama qilishadi. Bundan tashqari, Yaponiyada kun yarmida milliy miqyosda sport daqiqalari taqdim etiladi — shuning uchun o‘zlarining ishchanligi bilan mashhur yaponiyaliklar bu vaqtda o‘z tanalarini qizdirib oladi.
Darvoqe, Yaponiyada Xitoyda bo‘lgani kabi keksalar, bolalari yoki hayvonlari bo‘lgan juftliklar bog‘da uzoq vaqt maqsadsiz sayr qilib yuradi. Boshqa toifadagi fuqarolar bunday “o‘yin-kulgi”ni kamdan kam tanlaydi — ishdan yoki o‘qishdan keyin ular bar yoki restoranlarda uchrashadi. Shuning uchun bu mamlakatlardan kelgan yoshlar dunyoning boshqa burchaklarida ham kafeda emas, shahar bo‘ylab yurishlari uchun ko‘chada uchrashishlari hayratlanarli.
Kun tartibi
Okinavaning uzoq umr ko‘rgan odamlari ular aniq kundalik rejimga rioya qilishlarini bir necha bor ta’kidlashgan — ular soat 23:00 dan oldin yotib, ertalab soat 5-6 da uyg‘onadi. Ularning fikriga ko‘ra, bu ularga hayotning to‘liq imkoniyatidan bahramand bo‘lishga yordam beradi — erta tongda o‘z fikrlari bilan yolg‘iz qolish, kun davomida ko‘proq ishlarni bajarish va kechqurun sevimli mashg‘ulotlariga vaqt ajratish kabi.
Rasmiy ravishda, erta uyg‘onishning foydasi haqida hech qanday dalil yo‘q. Somnologlarning ta’kidlashicha, sog‘liqning asosiy mezoni to‘liq uyqudir. Qancha vaqt talab qilinadi — bu individual norma. Masalan, kim uchundir 5-6 soat yetarli bo‘lsa, boshqalar uchun 8 soat yetarli bo‘lmaydi.
Onsen va sentos
Yaponiyada kamdan kam kvartiralarda vannalar mavjud. Asosan, hamma yerda dush bor, mahalliy aholi suvdan juda tejamkorlik bilan foydalanadi. Ularda 1-2 soat mobaynida cho‘milish odati yo‘q. Ko‘pgina yaponlar bu bo‘shliqni issiq buloqlar bilan to‘ldiradi. Bunday joylarning mahalliy nomi onsendir. Ular deyarli barcha hududlarda bor, chunki Yaponiya vulqonlar faol bo‘lgan mamlakatdir.
Bunday manbalar 27 mingdan ortiq. 42 darajali suvlar vulqonlar tufayli suv omborlarida to‘planadi. Bu joydagi suv shifobaxsh bo‘lib, kasalliklarni davolaydi va erta qarish oldini oladi, deb uzoq vaqtdan beri ishonishadi.
Aksariyat onsenlar an’anaviy yapon mehmonxonalarining bir qismidir. Ko‘pincha odamlar bunday joylarga o‘z oilalari, do‘stona hamkasblar yoki asal oyi uchun keladi.
Onsenga kirishdan oldin har bir kishi tanasini sovun bilan yuvishi va maxsus yuvinish xonalarida yaxshilab chayishi kerak. Onsenlarning sevimli joyga aylanishining yana bir sababi — sokinlik va mulohaza yuritish imkoniyatining mavjudligidir. Zamonaviy insonning asabiylik ritmi hisobga olinadigan bo‘lsa, bunday sokin joylar inson sog‘lig‘iga katta hissa qo‘shadi.
Shuningdek, Yaponiyada oilalar jamoat hammomlariga yoki sentoga boradi. Bu yerda ham yuqoridagiga o‘xshash ketma-ketlik qoidasi mavjud — hammomga kirishdan avval dushda yuvinib, so‘ngra bug‘ xonasiga yoki hovuzga borish mumkin. Vizual ravishda sentolar yapon ibodatxonalarini eslatadi. Bunday tasodif sababsiz emas, chunki bunday joylarda odamlar ham jismonan ham ma’nan poklanadi, deb hisoblashadi.
Izoh (0)