O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 1-may kuni Toshkent viloyatining Qibray tumanidagi yangi istirohat bog‘i qurilayotgan joyga tashrif buyurdi va ilk ko‘chatlarni ekishda ishtirok etdi. Davlat rahbari o‘z nutqida yangi bog‘ joylashgan yerlar Toshkentga o‘tkazilishini aytdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar qildi.
“Ushbu bog‘ Toshkent viloyati hududida joylashgan. Biz ushbu yerlarni Toshkent shahriga o‘tkazamiz. Agar parlament buni ma’qullasa, bog‘ Toshkent tarkibiga kiradi. Baribir Toshkent katta bo‘lishi kerak. Aholimizda uy-joyga, ijtimoiy sohalarga talab yuqori bo‘lyapti”, – dedi Prezident.
Prezidentning ta’kidlashicha, uch-to‘rt yil ichida Toshkentda qurilish sohasida juda ko‘p ishlar amalga oshirildi, yangi binolar va inshootlar qad rostladi.
“Endi buni to‘xtatib, (qurilish ishlarini) shahardan tashqarisiga chiqaramiz”, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Fevral oyida “Toshkent-Sharqiy” aerodromi yaqinida yangi istirohat bog‘i va Olimpiya shaharchasi qurilishi haqida xabar berilgandi.
Bu yerda mamlakat mustaqilligining 30 yilligiga bag‘ishlangan “Istiqlol” majmuasi ham bunyod etiladi. “Gazeta.uz”ning Qurilish vazirligiga tayanib xabar qilishicha, bu majmua Toshkent shahridagi “Moviy gumbazlar” xiyobonida qurilishi kerak bo‘lgan ayni majmuaning o‘zi.
Shavkat Mirziyoyev ushbu bog‘ “O‘zbekistonning yangi qiyofasini, uning ulkan salohiyatini, ko‘p millatli xalqining birligi va hamjihatligini aks ettiruvchi” majmua bo‘lishi kerakligini ta’kidladi. Shularni inobatga olgan holda u bog‘ga “Yangi O‘zbekiston” nomini berishni taklif qildi.
Ma’lumot uchun, 5-avgust kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkent shahri va Toshkent viloyatining o‘zaro chegaradosh bo‘lgan tumanlari hududlarini o‘zgartirish bo‘yicha tayyorlangan loyihalar taqdimoti bilan tanishgani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ta’kidlanishicha, aholiga qulaylik yaratish maqsadida shahardan Toshkent viloyatiga 1010 gektar, viloyatdan poytaxtga 10 196 gektar yer maydoni o‘tkazilishi rejalashtirilgan.
Ishchi guruh tomonidan Sergeli tumanidan 1752 gektar, Bektemirdan 267 gektar, Zangiotadan qariyb 328, Quyi Chirchiqdan salkam 129, Yangiyo‘ldan 263, O‘rta Chirchiqdan 1346 gektar ajratib, Yangi hayot tumanini jami 4085 gektarda tashkil etish bo‘yicha taklif ishlab chiqilgan.
Izoh (0)