Xantal asosan shamollashda juda foydali ekani qadimdanoq hamma uchun ma’lum. Ammo u ovqat hazm qilishni yaxshilaydi, qon aylanishini rag‘batlantiradi va hattoki afrodiziak ham hisoblanadi.
Xantal XVIII asrda Fransiyaning Rossiyaga ta’siridan so‘ng ziravor sifatida ishlatila boshlagan. Mahsulot tarkibida mikro va makroelementlar hamda ko‘plab elementlar mavjudligi sababli insonlar tomonidan muntazam foydalaniladi.
Go‘shtni marinadlash
Go‘shtni mazali va yumshoq bo‘lib pishishida uni marinadlashga ahamiyat berish kerak. Shuning uchun pishirishdan avval uni yarim soatga xantal sousiga solib qo‘yish tavsiya etiladi. Shuningdek, go‘shtni barra saqlash uchun uni muzlatishga imkon bo‘lmasa, xantal bunga yordam beradi. Mahsulot yordamida go‘shtni 36 soat mobaynida saqlash mumkin.
Soch uchun niqob
Xantal so‘ch to‘kilishining oldini oluvchi samarali vosita ham hisoblanadi. Buning uchun 2 choy qoshiq xantal kukuni, 2 osh qoshiq zaytun moyi va 2 choy qoshiq shakar kifoya. Barcha mahsulotlar yaxshilab aralashtirilib, quyuq holga keltiriladi. Agar ushbu niqob haftasiga atigi bir marta sochlarni yuvishdan 15 daqiqa avval surilsa, ular kamroq to‘kiladi, o‘sishi yaxshilanadi va rangi tiklanadi. Shuningdek, xantal qon aylanishini yaxshilaydi va sochni mustahkamlaydi.
Idish yuvish uchun ajoyib vosita
Xantal kukuni idishlarda yig‘ilib qoluvchi yog‘larni ham osongina bartaraf etadi. Ularni yuvilishi kerak bo‘lgan idish, qozon yoki pishiriq qoliplariga surtib, 5-10 daqiqaga qoldirish kerak. So‘ngra idish sirtlari osongina yog‘sizlanadi.
Noxush hidlarni yo‘qotish
Oshxonada tinimsiz foydalanadigan idishlar vaqti kelib, hidlanib qolsa, buning ham yo‘li bor. Idishlar ichiga xantal kukuni solinadi va yaxshilab silkitib, so‘ngra yuviladi. Natijada hiddan asar ham qolmaydi.
Jun va ipak matolarni yuvish
Xantal kukuni jun va ipak kiyimlardagi dog‘larni mukammal darajada yo‘q qiladi. Buning uchun 10 litr suvga 1 stakan xantal aralashtiriladi. Suv 2-3 soat davomida qoldiriladi. Xantal kukuni suv tubiga cho‘kkach suv boshqa idishga olinadi va kiyimlar yuviladi. Faqatgina bunday suvda to‘q rangli kiyimlarni yuvish tavsiya etiladi.
Hiqichoqni to‘xtatish
Aga tez-tez hiqichoq bezovta qilsa, xantal kukuni va sirkani aralashtirib, tilga juda oz miqdorda surtish kerak. So‘ngra og‘iz bo‘shlig‘i yuviladi. Ammo bunday aralashma bolalar uchun mumkin emas. Chunki u kuydirish xususiyatiga ega.
Bog‘dorchilik uchun foydalanish
Bog‘ ishlaridagi unumdorlik uchun xantalga teng keladigani yo‘q. Xantal tabiiy yashil o‘g‘it bo‘lib, u tuproqni yanada boyitadi va zararkunandalarga qarshi kurashishda yordam beradi. O‘simliklar yaxshi o‘sishi uchun ularga doimiy parvarish lozim. Xantal esa tuproqni azot, fosfor va oltingugurt bilan boyitadi. Shuningdek, buta va sabzavotlarga xantal kukuni eritmasi sepilishi mumkin. U o‘simliklarni yeb bitiruvchi turli xil zararkunandalarni yo‘q qilishda yordam beradi.
Izoh (0)