O‘zbekiston Davlat konservatoriyasida 2-aprel kuni Parij Milliy musiqa va raqs konservatoriyasi professori Olivye Latri ishtirokida davra suhbati bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi malaka oshirish Tarmoq markazi bo‘lim boshlig‘i Baxtiyor Salaydinovning “Daryo”ga ma’lum qilishicha, davra suhbatida Tarmoq markaz rahbariyati, O‘zbekiston Davlat konservatoriyasi professor-o‘qituvchilari, mutaxassislar va ishchi guruh a’zolari ishtirok etgan.
Xabar berishlaricha, Davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi malaka oshirish Tarmoq markazi hamda Fransiya elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan davra suhbatida musiqa san’ati sohasida O‘zbekiston mutaxassislari malakasini oshirishda xorijiy mutaxassislar ishtirokida yangi o‘quv reja, dasturlar va yangi adabiyotlar yaratish masalalari muhokama qilingan.
Tadbirda professor Latri tomonidan Parij Milliy musiqa va raqs konservatoriyasida asosiy fanlardan biri bo‘lgan art-menejmentni o‘quv rejaga kiritish maqsadga muvofiqligi ta’kidlandi.