Rossiya Davlat Dumasi spikeri Sergey Narishkin Rossiya liberal-demokratik partiyasi fraksiyasi yetakchisi Vladimir Jirinovskiyning Bryussel teraktlari qurbonlari xotirasiga hurmatsizlik ko‘rsatishi munosabati bilan unga tanbeh berdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar qilmoqda.
23-mart, chorshanba kuni plenar yig‘ilish chog‘ida spiker quyi palata deputatlariga Belgiyada halok bo‘lganlar xotirasiga hurmat ko‘rsatish uchun o‘rinlaridan turib, bir daqiqa sukut saqlashni taklif qildi.
Sukut daqiqasi tugagach, Jirinovskiy spikerning bu tashabbusiga e’tiroz bildirdi.
“Kelajakda o‘zlari tashkil etgan terror qurbonlariga aylanganlarning xotirasiga hurmat ko‘rsatmaslikni taklif qilaman”, — dedi deputat.
Unga javoban Narishkin, rossiyalik deputatlar o‘rnilaridan turarkan, bu bilan terrorchilikka bo‘lgan salbiy munosabatlarini bildirganini ta’kidlab o‘tdi.
“G‘arbda juda ko‘p siyosatchilar gumanizm, axloq qadriyatlari haqida gapirishni yaxshi ko‘radi. Biz uchun bu shunchaki so‘zlar emas. Shu bois bizning hamdardligimiz — bu bizning munosabatimiz, xususan, ushbu yovuzlik — xalqaro terrorchilikka bo‘lgan munosabatimiz, Yevropa xavfsizligi bo‘linmas qadriyat ekanligini anglashimiz belgisidir”, — dedi quyi palata raisi.
Izoh (0)