AQSh prezidenti Barak Obama uning o‘rnini boshqa kishi egallaganidan so‘ng Kongress Kubaga qarshi savdo-iqtisodiy embargoni to‘liq bekor qilishiga ishonchi komil. Bu haqda u CNN telekanaliga bergan intervyusi chog‘ida ma’lum qilgan, deya xabar beradi “TASS”.
“Kelgusi ma’muriyat paytiga kelib, u demokratlarniki bo‘ladimi yo respublikachilar, bundan qat’iy nazar, embargo olib tashlanishini ishonch bilan taxmin qilaman. Hozir Kubaga qarshi cheklovchi choralar bekor qilinishini yoqlashga tayyor qonun chiqaruvchilar soni yetarli emas, biroq kelgusida vaziyat o‘zgarishi kerak. Biz Kubaga mahsulotlar sotishimiz, kubaliklar bilan ish olib borishimiz, ularga biznes yuritish uslublarimizni o‘rgatishimiz, inson huquqlarini himoya qilish masalalariga qanday yondashishimizni ko‘rsatishimiz to‘g‘riroq bo‘lardi. Bu biz kutayotgan o‘zgarishlar tezroq amalga oshishini ta’minlaydi”, — deya ta’kidlagan Obama.
Barak Obama rafiqasi Mishel hamrohligida 21—22-mart kunlari Kubada bo‘lishi va 88 yil davomida mazkur orol-davlatga kelgan AQShning birinchi amaldagi davlat rahbariga aylanishi kutilmoqda. AQSh 1961-yilda Kuba bilan diplomatik aloqalarni uzgan va savdo-iqtisodiy embargoni joriy etgandi.
Izoh (0)