Ukraina tashqi ishlar vazirligi Qrimning Rossiya pasportiga ega fuqarolarini u orqali boshqa mamlakatlarga tashrif buyurish uchun viza ola olmasligi haqida ogohlantirdi, deb yozadi Meduza.
Ukraina TIV konsullik xizmati departamentining Facebook’dagi sahifasida qayd etilishicha, “olib borilgan ishlar sharofati bilan dunyo yetakchi mamlakatlarining ushbu pasportlarni har bir alohida davlat hududiga kirish va viza rasmiylashtirish uchun huquq beradi deb e’tirof etmaslik bo‘yicha yakdil fikri olindi”.
Xabarda Ukrainaning Qrim va Sevastopolda ro‘yxatga olingan fuqarolari, shuningdek, Ukrainada istiqomat qilish huquqiga ega uchinchi mamlakatlar fuqarolarining viza ruxsatnomalari Ukrainada akkreditatsiyadan o‘tgan xorijiy mamlakatlar konsullik muassasalari tomonidangina ko‘rib chiqilishi mumkinligi ta’kidlangan.