Uyquning yetarli bo‘lmasligi salomatlikka salbiy ta’sir etishi mumkin, undan to‘liq mahrum bo‘lish esa qaytarib bo‘lmas oqibatlarga olib keladi. Bu haqda National Geographic xabar bermoqda.
Bir kecha uxlamaslik miya faoliyatida buzilishlar boshlanishi uchun yetarli bo‘ladi. Journal of Neuroscience nashrida e’lon qilingan nemis olimlari tadqiqotida ta’kidlanishicha, 24 soat uyqusizlikdan so‘ng vaqtni anglamaslik, tanani his etishning o‘zgarishi, yorug‘likka nisbatan yuqori ta’sirchanlik, gapning poyintar-soyintar bo‘lishi kabi shizofreniyaning yengil alomatlari kuzatiladi.
Uyqudan uzoq vaqt mahrum bo‘linganda miya ortidan tanaga ham shikast yetadi. Buning ko‘p sonli salbiy oqibatlari qatorida tomoqdagi og‘riq va tumov kabi nisbatan yengil, shu bilan birga, ovqat hazm qilishning buzilishi, qand kasali rivojlanishi xavfi, ko‘rish qobiliyatining pasayishi, yuqori qon bosimi, birdaniga ozib yoki aksincha, semirib ketish kabi jiddiy asoratlarni keltirib o‘tish mumkin.
Ko‘pincha uyqudan mahrum etish maxsus xizmatlar tomonidan qiynoq usuli sifatida qo‘llaniladi. Biroq amerikalik mutaxassislar mazkur usul kutilgan natijani bermasligi, uyqudan mahrum etilgan inson so‘zlari va hatti-harakatlariga javob berolmasligini bildirmoqda.