Fransiya poytaxti Parij shahrida dzyudo bo‘yicha “Katta Dubulg‘a” turkumiga kiruvchi nufuzli turnir o‘z yakuniga yetdi. Musobaqada 90 dan ziyod davlatdan eng sara tatami ustalari ishtirok etdi. Ular orasida O‘zbekiston terma jamoasi dzyudochilari ham o‘z imkoniyatlarini sinovdan o‘tkazdi, deb xabar beradi “Olamsport”.
O‘zbekistonlik dzyudochilar Judo Grand-Slam Paris 2016 musobaqasida birorta ham medalga ega bo‘lolmadi. Terma jamoaning eng yaxshi natijasi 5-o‘rin bo‘ldi, xolos. Musobaqaning ilk kunida Sharofiddin Lutfullayev -60 kg vazn toifasida 5-o‘rinni band etgandi.
O‘zbekiston termasining qolgan barcha polvonlari – Olimpiya o‘yinlarining ikki karra bronza medal sohibi Rishod Sobirov, shuningdek, Sharofiddin Boltaboyev, G‘iyosjon Boboyev, Yahyo Imomov, Sherali Jo‘rayev, Soyib Qurbonov, Ramziddin Saidov hamda eng og‘ir +100 kg vazndagi Abdulla Tangriyevlar birinchi, nari borsa ikkinchi davra bahsida raqiblariga imkoniyatni boy berdi.
Yakunda O‘zbekiston terma jamoasi 91 ta davlat orasida 27-pog‘onadan joy oldi. Kutilganidek, Yaponiya terma jamoasi umumjamoa hisobida birinchi o‘rinni egalladi. Dzyudo vatani vakillari beshta oltin, ikkitadan kumush va bronza medallarini jamg‘ardi. Kuchli uchlikdan Janubiy Koreya va Fransiya terma jamoalari joy oldi.
Izoh (0)