Toshkent shahrida 25-yanvar, dushanba kuni havo harorati +17,2 darajagacha ko‘tarilib, 1963-yilda o‘rnatilgan rekordni yangiladi. Bu haqda “O‘zgidromet” axborot bermoqda.
Xabar berishlaricha, 2016-yil 25-yanvar kuni Toshkent shahrida o‘rtacha havo harorati +10,6 darajani tashkil etgan, kunduzi +17,2 darajagacha ko‘tarilgan.
Toshkentda 25-yanvar tarixidagi bundan avvalgi eng issiq harorati 1963-yilda qayd etilgan bo‘lib, o‘shanda havo harorati +16,3 darajagacha ko‘tarilgan edi.
Taqqoslash uchun, 2016-yil 25-yanvar kuni Samarqand shahrida havo harorati +17,6 darajagacha (rekord 1966-yilda o‘rnatilgan — +18 daraja), Termizda +17,4 darajagacha (rekord 1963-yilda o‘rnatilgan — +21,3 daraja), Nukusda +4,3 darajagacha (rekord 1963-yilda o‘rnatilgan — +14,2 daraja) ko‘tarildi.
2016-yil yanvar oyining aksariyat kunlarida O‘zbekiston bo‘ylab iliq iqlim sharoiti hukmronlik qildi. Bundan avval Termiz, Samarqand, Nukus shaharlarida ham havo haroratining iliqligi bo‘yicha yangi rekordlar o‘rnatilgani haqida xabar berilgan edi.
26-yanvardan O‘zbekistonda havo harorati pasayishi, 27—30-yanvar kunlari esa muntazam yog‘ingarchilik kuzatilishi, ba’zi joylarda vaqti-vaqti bilan qor yog‘ishi kutilmoqda.
Izoh (0)