O‘zbekiston 2016-yilda 154 ta investitsiya loyihasi bo‘yicha 4,042 milliard dollar hajmidagi xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirishni rejalashtirmoqda. Bu joriy yil uchun Prezident Islom Karimov tomonidan tasdiqlangan Investitsiya dasturida ko‘zda tutilgan, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Shundan 1,339 milliard dollarni 69 ta loyiha bo‘yicha hukumat kafolati ostidagi xorijiy kreditlar, 2,703 milliard dollarni 85 ta loyiha bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga o‘zlashtirish nazarda tutilgan.
Xorijiy investitsiyalarning eng katta qismi — 2,29 milliard dollar 34 ta loyiha bo‘yicha yoqilg‘i-energetika sektorida o‘zlashtiriladi.
Rossiyaning “Lukoyl” neft kompaniyasi 2016-yilda O‘zbekistonda mahsulotlarni taqsimlash to‘g‘risidagi ikkita bitimni amalga oshirishga 879 million dollar sarmoya kiritadi. Xitoyning CNPC kompaniyasi “Markaziy Osiyo—Xitoy” gaz quvurining O‘zbekistondagi qismi to‘rtinchi liniyasini qurishga kirishadi (800 million dollar). Janubiy Koreyaning Daewoo va Hyundai konsorsiumi umumiy qiymati 1,28 milliard dollarlik Tolimarjon issiqlik elektr stansiyasi modernizatsiyasini yakunlaydi. 2016-yilda loyihada 248,5 million dollarlik xorijiy investitsiyalarni o‘zlashtirish rejalashtirilmoqda.
Izoh (0)