Dvigatelining ishchi hajmi 50 kub santimetrdan kattaroq bo‘lgan yoki eng yuqori tezligi soatiga 50 km bo‘lgan skuterlar, elektr skuterlar va kvadrotsikllar O‘zbekistonning yangi tahrirdagi Yo‘l-harakati qoidalarida mototsikllarga tenglashtirildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
“Na postu” gazetasiga bergan intervyusida IIV YHXBB boshlig‘i Xolmatjon Saydaliyev ko‘rsatilgan transport vositalari mototsikllar sifatida ro‘yxatga olinishi, ularga davlat raqam belgilari berila boshlashi, ularni boshqarish uchun esa “A” toifasidagi haydovchilik guvohnomasi talab etilishini aytdi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, avtomobil yo‘llarida tobora ko‘proq uchrayotgan skuter, elektr skuter va kvadrotsikllar egalari tomonidan yo‘l harakati qoidalari buzilishi kuzatilayotgani tufayli, “mototsikl” tushunchasi kengaytirilgan.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi Yo‘l harakati qoidalarining 2016-yil 1-martdan kuchga kiradigan yangi tahririni tasdiqlagani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)