Amerika Qo‘shma Shtatlari Eron va Saudiya Arabistonini o‘z ortidan Yaqin Sharqdagi keskinlikni oshiruvchi hamda sunniylar va shialar o‘rtasidagi ziddiyatni avj olishiga sabab bo‘luvchi qarorlar qabul qilmaslikka chaqirdi. Bu haqda “TASS” xabar bermoqda.
Davlat departamenti vakili “AQSh hukumati Saudiya Arabistonining Erondagi turli diplomatik vakolatxonalari yaqinida norozilik aksiyalari o‘tkazilayotganidan xabardor” ekanligini ma’lum qildi. Bu namoyishlar Saudiya Arabistonida shia ulamosi, shayx Nimr an-Nimrning qatl etilgani sababli o‘tkazilmoqda.
AQSh tashqi siyosat idorasi vakilining aytishicha, AQSh ma’muriyati diplomatik vakolatxonalarga hujumni qoralaydi. Yuzaga kelgan vaziyatda Vashington Eronni o‘z xalqaro majburiyatlarini to‘liq ado etgan holda Saudiya Arabistonining diplomatik vakolatxonalarini himoya qilishga chaqirdi. Davlat departamenti vakili so‘zi yakunida “Biz ikkala tomonni ham mintaqada vaziyatni keskinlashtiruvchi qarorlar qabul qilishdan qochishga chaqiramiz”, dedi.
Eslatib o‘tamiz, oldinroq Tehronda namoyishchilar Saudiya Arabistoni elchixonasiga bostirib kirib, jihozlarni sindirgani va o‘t qo‘yishga uringani, ulardan 40 nafari qo‘lga olingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)