Lola Yo‘ldosheva xonandalar faoliyati qattiq nazorat ostiga olingani, hatto Instagram’dagi shaxsiy sahifa ham nazoratga olinayotganidan afsusda ekanligini bildirdi. Bu haqda u RedPen’ga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
“‘Shou-biznes’ atalmish kema bortidan tushib qolib, aslida bu kemada nimalar bo‘layotganini chetdan kuzatish imkoniga egaman. Faoliyatimiz juda qattiq nazorat ostida qolganidan afsusdaman”, — dedi Lola.
“Bu xuddi qushning qanotini qayirishga o‘xshaydi. Ijodkor insonni qattiq nazorat qilish imkoni yo‘q. Ahvol shu darajaga yetib boryaptiki, Instagram’dagi shaxsiy sahifa ham nazorat qilinadigan sohaga aylanmoqda”, — dedi xonanda.
“Tamom — senda shaxsiy fotosuratlaringni namoyish etish imkoni yo‘q. Endi mening shaxsiy hayotim — konsertimni bekor qilish uchun bir sabab”, — deya qo‘shimcha qildi xonanda Lola.
Ma’lumot uchun, xonandalar faoliyatini “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi nazorat qilib, tartibga soladi. Avvalroq boshqa bir xonanda — Abdulla Qurbonov “O‘zbeknavo”dan minnatdorligini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi 2015-yil iyulida xonanda Lolaning litsenziyasini tugatgan. Bunga sabab bo‘lgan Lolaning shov-shuvli libosi esa kimoshdi savdosida sotilishi kutilmoqda.
Izoh (0)