Primorye o‘lkasida Amur laqabli yo‘lbars va echki Timur o‘rtasidagi noodatiy do‘stlik atrofidagi voqealar rivoji qiziqarli tus olmoqda. Bu haqda “Yod” xabar bermoqda.
Yo‘lbars va echki bir hafta birga yashaganidan so‘ng, yirtqich o‘ziga ozuqa sifatida berilgan jonivorni yemasligi ochiq ko‘rinib qoldi. Qiziq tomoni, echki yo‘lbarsning uyasini egallab olib, yirtqichni tomda uxlashga majbur qildi. Bu holat bir necha kun davom etganidan so‘ng, safari-park rahbariyati 29-noyabr, yakshanba kuni “do‘stlar”ni ajratishga qaror qildi.
Hayvonot bog‘i saytida berilgan xabarga ko‘ra, tunni Amur va Timur alohida qafaslarda o‘tkazgan. “Endi ularning har biri o‘z oshxonasi va boshpanasiga ega. Tongda ularning ikkisini umumiy maydonga chiqardik. Birinchi bo‘lib Amur chiqdi va Timurni kutdi, ular birga o‘z mulklarini ko‘zdan kechirib chiqishdi. Do‘stlar avvalgidek qadrdon va ajralmas”, — deyiladi xabarda.
Ammo do‘stidan ajratib qo‘yishganidan so‘ng, yo‘lbars o‘kirishni boshlagan. Bog‘ xodimlarining qayd etishicha, yo‘lbars avvallari ham o‘kirib turardi, biroq Timur bilan tanishganidan so‘ng bu odatini tashlagandi.
Yo‘lbars Amur va echki Timur 26-noyabr, payshanba kuni mashhur bo‘lib ketdi. Ma’lum bo‘lishicha, yo‘lbars unga ozuqa sifatida berilgan echkini, echki yo‘lbarsdan qo‘rqmagani sabab, tanovul qilishdan bosh tortgan. Boz ustiga, “o‘lja” yirtqichning uyasini egallab olgan, yo‘lbars tunni tomda o‘tkazishga majbur bo‘lgan. Shundan so‘ng hayvonot bog‘i mehmonlari park rahbariyatidan jonivorlarni alohida-alohida volyerlarga joylashtirishni so‘radi. Yo‘lbars esa o‘zining yangi do‘stini himoya qilib, bog‘ xodimlariga tajovuzlik bilan munosabatda bo‘lishni boshladi.
Izoh (0)