Sirdaryo viloyati Guliston shahri hududida uchuvchisiz uchish qurilmalarini noqonuniy olib kirish, sotish va foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha tezkor tadbir (reyd) o‘tkazildi. Bu haqda Elektromagnit Moslashuv Markazi xabar bermoqda.
Reydlar Sirdaryo viloyati Elektromagnit moslashuv xizmat xodimlari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining Sirdaryo viloyati hududiy bo‘limi, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi Sirdaryo viloyati boshqarmasi, Guliston shahar davlat soliq inspeksiyasi, Sirdaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi, O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish Departamenti Sirdaryo viloyati boshqarmasi vakillari bilan hamkorlikda o‘tkazildi.
Tadbir davomida Guliston shahri hududida noqonuniy foylanilayotgan to‘rt komplekt uchuvchisiz uchish qurilmalari (kvadrokopter) borligi aniqlandi.
Ushbu aniqlangan qonunbuzarlik holati yuzasidan uchuvchisiz uchish qurilmalari daliliy ashyo sifatida olib qo‘yilib, qurilmalardan noqonuniy foydalanayotgan shaxslarga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq qonuniy choralar ko‘rildi.
Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 26-noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘ida uchuvchisiz uchish qurilmalaridan sanksiyasiz foydalanishda ogohlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 322-sonli Qaroriga asosan 2015-yilning 1-yanvaridan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududiga uchuvchisiz uchish qurilmalari (TIFTN kodi 8802 20 000 0)ni olib kirish, sotish va ulardan foydalanish taqiqlangan.
Izoh (0)