Metrojet aviakompaniyasining Misrda halokatga uchragan A321 samolyotiga tegishli parametrik (parvoz parametrlarini qayd etuvchi) “qora quti”da bevosita qulash oldidan samolyot bilan nima ro‘y bergani haqida ma’lumotlar aniqlanmadi, deya xabar bermoqda Meduza.
“Kommersant” yozishicha, bort o‘ziyozari parvoz normal rejimda kechayotgan paytda taxminan 20 daqiqa davomida samolyotning barcha uskunalari ko‘rsatkichlarini qayd qilgan. So‘ng qandaydir hodisa sodir bo‘lgan, natijada ma’lumotlarni yozish to‘liq to‘xtab qolgan. Taxminlarga ko‘ra, samolyot bortidagi vaziyat shunchalik tez o‘zgarganki, uchuvchilar hech qanday chora ko‘rishga ulgurmagan. Bu samolyot saloni portlash natijasida germetikligini yo‘qotishi va “qora quti” joylashgan dum qismining uzilib tushishi bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Avvalroq AQSh prezidenti Barak Obama A321 samolyotining Misrdagi halokatiga uning bortida portlash qurilmasining mavjudligi sabab bo‘lganligi ehtimoldan yiroq emasligini ma’lum qildi.
Izoh (0)