Qilich ko‘targan erkakning Shvetsiyadagi maktabga hujumi natijasida ikki kishi: bir o‘qituvchi va bir o‘quvchi halok bo‘ldi, deya xabar bermoqda “RBK”. Yana uch kishi jiddiy jarohatlar olgan.
Avvalroq hujum natijasida bir o‘qituvchi halok bo‘lgani, shuningdek, katta yoshli bir kishi va to‘rt o‘quvchi yaralangani aytilgan edi.
Hodisa Gyoteborgdan shimolda joylashgan Trolxetten shahrida yuz bergan. Hujumkorni zararsizlantirish uchun, voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar o‘t ochishga majbur bo‘lgan. OAVlar yozishicha, erkak qora kiyim kiyib, “Yulduzlar jangi” filmi qahramonining niqobini taqib olgan bo‘lgan, shu tufayli maktab o‘quvchilari dastlab buni hazil deb o‘ylagan.
Gumonlanuvchi yaralangan, hozirda mahalliy shifoxonada davolanmoqda.
Politsiya vakili so‘zlariga ko‘ra, jinoyatchi 21 yoshli mahalliy fuqaro bo‘lib chiqqan. Uning xatti-harakatlari maqsadi hozircha noma’lum.
Izoh (0)