2015-yil boshidan beri O‘rtayer dengizi orqali Yevropaga 580 mingdan ortiq muhojir va qochoqlar keldi. Bu haqda, Xalqaro migratsiya tashkiloti ma’lumotlariga asoslanib, “Yevropeyskaya pravda” xabar bermoqda.
9-oktabr holatiga ko‘ra, 580 238 nafar qochoq Yevropaga dengiz yo‘li orqali kelgan. Ayni vaqtda, qariyb 3 ming qochoq yo‘lda halok bo‘lgan.
Eng ko‘p — 441 527 nafar muhojir Gretsiyaga kelib tushgan, Italiyaga 135 599 muhojir yetib kelgan. E’tiborli tomoni, oktabrning alohida kunlarida Gretsiyaga kelayotgan muhojirlar soni keskin oshdi — har kuni 7 ming nafargacha muhojir keldi; sentabr oxirida mamlakatga kuniga 4,5 ming nafar qochoq kelayotgandi.
Xalqaro migratsiya tashkilotining izohiga ko‘ra, so‘nggi bir necha kun ichida yangi kelayotgan muhojirlar sonining oshishi iqlim sharoitlarining yomonlashuvi bilan bog‘liq. Avvalroq, Yevropa Ittifoqining yangi rejasiga muvofiq, Italiyadagi qochoqlarning dastlabki guruhlari Shvetsiyaga ko‘chirilgani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)