BAA poytaxti Abu Dabida FIDЕning 86-Kongressi yakunlari bo‘yicha 2nd Annual Asian Chess Excellence Awards mukofoti laureatlarini tantanali taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda “12news.uz” xabar bermoqda.
Mukofot tashkilotchilari tomonidan “milliy ixtisoslashgan olimpiya zaxiralari bolalar shaxmat maktabini tashkil etishdagi harakatlari, millatni tarbiyalashda shaxmatni pedagogik vosita sifatida ko‘ra olgani, bolalar ta’limi va sportiga ko‘mak bergani, mamlakatning boy madaniyati va qadriyatlarini saqlagan holda xalqlar o‘rtasida do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlagani uchun” O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov “Yil odami” deb topilgani haqida iyul oyida xabar berilgan edi.
Mukofotni Osiyo shaxmat federatsiyasi prezidenti shayx Sulton bin Xalifa al-Nahayon va FIDЕ prezidenti Kirsan Ilyumjinovning qo‘lidan O‘zbekiston madaniyat va sport ishlari vaziri o‘rinbosari Murod Aliyev qabul qilib oldi.
Ma’lumot uchun, ushbu nominatsiya bo‘yicha mukofot mamlakatda shaxmatga qaratilayotgan e’tibor, bolalar sporti, xususan, shaxmatga berilayotgan g‘amxo‘rlik, yaratilayotgan sharoitlar va doimiy qo‘llab-quvvatlashni ta’minlayotganlarga topshiriladi.
Asian Chess Excellence Awards mukofoti 2014-yili ta’sis etilgan bo‘lib, ilk g‘oliblarni taqdirlash marosimi 2014-yilning 25-iyul kuni BAAning Al-Ayn shahrida bo‘lib o‘tgan edi. O‘shanda “Yil odami” yo‘nalishida g‘oliblik BAAning Sharja shahri amiri Shayx Muhammad al-Qosimiyga nasib etgandi. Qosimiy 10 million dollar evaziga dunyodagi eng katta shaxmat klubini bunyod ettirgandi.