Rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga kelgan Hindiston bosh vaziri Narendra Modi 6-iyul kuni O‘zbekiston Prezidenti Islom Karimov bilan muzokaralar olib bordi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz”.
Islom Karimov va Narendra Modining tor doiradagi va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralari vaqtida iqtisodiy munosabatlarni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, transport kommunikatsiyalari, madaniyat va turizm sohalarida hamkorlik qilish masalalari muhokama qilindi.
Islom Karimovning ishonch bildirishicha, Hindiston bosh vazirining ushbu “qisqa, lekin mazmunli tashrifi ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar tarixida yangi sahifa ochadi, ikki davlat va xalqlar o‘rtasidagi hamkorlikning keyingi rivojiga katta turtki beradi”.
Muloqot vaqtida mintaqaviy xavfsizlik, xususan, Afg‘onistondagi vaziyat, terrorchilikka qarshi kurash, kiberxavfsizlik, Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida hamkorlik va boshqa masalalar yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekiston va Hindiston o‘rtasida 2015—2017-yillarga mo‘ljallangan yangi Madaniy hamkorlik dasturi imzolandi.
Hindiston bosh vaziri O‘zbekiston Prezidentiga Amir Husrav Dehlaviy “Xamsa”si qo‘lyozmasining maxsus reproduksiyasini sovg‘a qildi. XIII asrda yashagan taniqli so‘fiy shoiri Dehlaviy Uttar-Pradeshda tug‘ilgan bo‘lib, uning otasi hozirgi O‘zbekiston hududidan edi.
Narendra Modi Islom Karimovni o‘zi uchun qulay vaqtda Hindistonga tashrif buyurishga taklif qildi. O‘zbekiston Prezidenti mazkur taklifni qabul qildi.
7-iyul kuni Hindiston bosh vaziri Toshkent markazidagi Mustaqillik va ezgulik monumentiga, shuningdek, Hindiston sobiq bosh vaziri La’l Bahodur Shastri sharafiga o‘rnatilgan haykalga tashrif buyurishi ko‘zda tutilgan.