Zimbabvedagi bank omonatchilari, agar ularning omonatlari miqdori mahalliy dollarda 175 kvadrillionni tashkil etsa, 5 AQSH dollari miqdorida pul oladi. Bu haqda mamlakat Markaziy banki bayonotida ma’lumot berilgan.
Agar omonat miqdori 175 kvadrillion dollardan oshsa, u holda 1 AQSH dollari uchun 35 kvadrillion Zimbabve dollaridan hisoblab, pul chiqarib beriladi. Bundan tashqari, 15-iyundan boshlab sentabr oxiriga qadar Zimbabve dollarlari bosqichma-bosqich muomaladan chiqariladi.
Inflyatsiya darajasi haddan tashqari yuqori ekanligi sabab, Zimbabve Markaziy banki oxirgi marta 2008-yili 100 trillion dollar miqdoridagi banknotalarni muomalaga kiritgandi; 2009-yildan boshlab Zimbabve o‘z milliy valyutasini emitatsiya qilishni to‘xtatib, hisob-kitoblar uchun xorijiy valyutadan, xususan, AQSH dollar va Janubiy Afrika randidan foydalanishni boshlagandi.
Global moliyaviy inqiroz vaqtida Zimbabvedagi inflyatsiya darajasi rekord ko‘rsatkichlarni qayd etdi. Rasmiy statistikaga ko‘ra, mamlakatda narxlar 231 million foizga o‘sgan, biroq tahlilchilarning hisob-kitobiga ko‘ra, narxlar aslida 4 milliard foizga oshgan. Hozirgi vaqtda Zimbabveda deflyatsiya kuzatilmoqda: aprel oyida mamlakatda narxlar 2,65 foizga arzonlashdi.
Izoh (0)