Bugun bo‘lib o‘tadigan futbol bo‘yicha Yevropa Chempionlar ligasi finalida g‘alaba qozonadigan jamoa “oltin xet-trik”ni rasmiylashtiradi – “Yuventus” ham, “Barselona” ham o‘z milliy chempionati va kubok bahslarida g‘oliblikni qo‘lga kiritib bo‘ldi, shu sabab Chempionlar ligasidagi muvaffaqiyat mazkur klublarning istalgan biri uchun mavsumdagi uchinchi sovrin bo‘ladi, deya xabar bermoqda RBC.ru.
Agar “Barselona” g‘alaba qozonadigan bo‘lsa, jamoa o‘z tarixida ikkinchi marta “oltin xet-trik”ni rasmiylashtiradi – jamoa bungacha 2008/2009-yilgi mavsumda barcha sovrinlarni qo‘lga kiritgandi. “Barselona”dan tashqari “Manchester Yunayted” (1999), “Inter” (2010) va “Bavariya” (2013) ham shunday yutuqlarga erishgan. “Seltik” (1967), “Ayaks” (1972) va “PSV” (1988) jamoalari ham bir mavsumda uchta sovrinni qo‘lga kiritgan, biroq bu vaqtda Chempionlar ligasi o‘rnida Chempionlar kubogi musobaqalari o‘tkazilardi.
“Barselona”ning eng kuchli o‘yinchisi Lionel Messi Chempionlar ligasi finalida rekord o‘rnatishi mumkin. Agar argentinalik futbolchi “Yuventus” darvozasiga gol ursa, uchta finalda gol urgan ilk o‘yinchiga aylanadi. Bungacha u 2009 va 2011-yilgi finallarda “Manchester Yunayted”ga gol urgan. Shuningdek, o‘yin “Barselona”ning g‘alabasi bilan tugasa, Andres Inyesta Chempionlar ligasida g‘olib chiqqan ikkinchi o‘yinchiga aylanadi. Bungacha faqat Klarens Zeyedorf shunday natija qayd etgan.