Futbol bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi 7 iyun, yakshanba kuni Yangi Zelandiyada davom etayotgan jahon chempionati guruh bosqichi doirasida Fijiga qarshi so‘nggi tur uchrashuvini o‘tkazadi. Uff.uz’ning qayd etishicha, keyingi bosqichga chiqish uchun Ravshan Haydarov shogirdlari mazkur o‘yinda Fijini mag‘lub etishlari shart.
Fiji terma jamoasi hujumchisi Iosefo Verevuning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi haqida yetarlicha ma’lumot olingan. “Termangizni guruh fovoritlaridan biri deyishgandi. Negadir, bunaqa emasga o‘xshaydi. Balki, keyingi o‘yinlarda futbolchilaringiz “ochilib” ketishar, lekin ikki o‘yin tahliliga ko‘ra, O‘zbekiston o‘rtacha darajadagi terma sifatida xotiramda muhrlandi. Ammo, endi sizda yo‘qotadigan narsa qolmadi. Termangiz so‘nggi o‘yinda borini tashlasa kerak”, - dedi hujumchi.
Futbolchining so‘zlariga ko‘ra, Fiji terma jamoasi oldiga jahon chempionati kuchli sakkizligidan o‘rin olish vazifasi qo‘yilgan. “Germaniyaga qarshi yomon o‘ynamagandik. Faqatgina birinchi ikki goldan so‘ng jamoadoshlarim bir-birlarini tushinmay esankirab qolishdi. Keyin, ikkinchi o‘yinda o‘zimizga keldik va kerakli natijani qayd etdik. Albatta, nomiga qatnashmasdan kamida kuchli sakkizlikdan o‘rin olish vazifasini olganmiz. Balki, undan ko‘prog‘iga ham erisharmiz”, - dedi Verevu.
“Biz uchinchi o‘yinda O‘zbekistonni mag‘lubiyatga uchratamiz va pley-offga ikkinchi o‘rinni olib chiqamiz”, - deya qo‘shimcha qildi Fiji terma jamoasi hujumchisi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi guruh bosqichi 1-turida Gonduras termasiga 3:4, 2-turida esa Germaniyaga 0:3 hisobid imkoniyatni boy berdi. Fiji esa 1-turda Germaniya tomonidan 1:8 hisobida tor-mor etilgan bo‘lsa-da, 2-turda kutilmaganda Gondurasni yirik – 3:0 hisobida taslim etdi.