Misrdagi Sinay yarim oroli shimolida jangarilar misrlik sudyalarga hujum qildi, natijada uch sudya halok bo‘ldi, yana uch nafari yaralandi, deya xabar bermoqda “RBK” mahalliy politsiyaga tayanib.
Sudyalar mashinada Ismoiliya shahridan El-Arishga sud ishini ko‘rib chiqish uchun otlangan bo‘lgan. Misr politsiyasi boshlig‘i yuqori shaylik rejimini e’lon qildi va aybdorlarni topishni buyurdi.
El-Arishdagi hujum Misr sudi tomonidan mamlakat sobiq prezidenti Muhammad Mursiyga nisbatan o‘lim jazosi tayinlanganidan bir necha soat o‘tib ro‘y berdi. Mursiyning sobiq safdoshlaridan ba’zilari, jumladan sinaylik jihodchilar jangarilar bo‘lib, politsiya va askarlarga muntazam hujum qilib turgan.
Eslatib o‘tamiz, 16-may, shanba kuni ertalab Misr sobiq prezidenti Muhammad Mursiy va “Musulmon birodarlar” tashkilotining 105 nafar tarafdori o‘lim jazosiga hukm qilindi.
Hukm quyidagi jinoyat ishlari yakuni bo‘yicha chiqarilgan: qamoqxonadan ommaviy qochish, davlatga xiyonat va o‘z davlati foydasiga josuslik qilish. Davlatga xiyonat ishida Mursiyning ismi yo‘q edi.
Misr sobiq prezidenti 2011-yili yuz bergan qamoqxonadan ommaviy qochish ishi bo‘yicha o‘limga hukm qilingan. Endi ushbu hukmni Misr oliy muftiysi tasdiqlab berishi kerak.
Izoh (0)