Nepalda kuzatilgan kuchli yer silkinishidan 8 kun o‘tib, qutqaruvchilar xarobalar orasidan 105 yoshli erkakni chiqarib oldi, deb xabar qilmoqda NDTV.
Kimtang qishlog‘ida yashovchi Fanchu Geylning qo‘l-oyoqlari arzimas darajada jarohatlangan. O‘z uyi xarobalari ostidan topilgan qariya armiya vertolyotida shifoxonaga olib ketilgan.
Eslatib o‘tamiz, Nepal hukumati xarobalar ostidan omon qolganlarni topish amri mahol ekanligini bildirgandi. Ammo zilziladan bir hafta o‘tib Nepal shimolida tirik qolgan 101 yoshli erkak topildi. 3-may kuni esa Siauli qishlog‘i xarobalari ostidan uch kishi chiqarib olindi.
25-aprelda Nepalda 7,9 magnitudali zilzila sodir bo‘ldi. Uning ortidan 100 ga yaqin aftershoklar kuzatildi. Eng so‘nggi silkinish 3-may kuni qayd etildi.
Eslatib o‘tamiz, oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Nepalda zilzila qurbonlari 7240 kishiga yetgan.
Izoh (0)