Yarim o‘rta vazn qirollari amerikalik bokschi Floyd Meyvezer va filippinlik Menni Pakyao WBA, WBC va WBO yo‘nalishi bo‘yicha chempionlik kamarlari uchun ringga ko‘tarildi, deb xabar qiladi “TASS”.
Jang AQShning Las-Vegas shahridagi MGM Grand mehmonxonasi arenasida bo‘lib o‘tdi. 16,5 ming tomoshabinga mo‘ljallangan ushbu arenaga chiqarilgan chiptalar bir daqiqada sotilib ketdi. 1500 dan 7500 dollargacha chiqarilgan chiptalar “qora bozor”da 100 ming dollargacha sotildi. Pakyaoning o‘zi yaqinlari va do‘stlari uchun 900 ta chipta sotib olishga 3—4 million dollar sarfladi.
Mutaxassislar tomonidan “asr jangi” deya e’tirof etilgan bu bahs boks tarixidagi eng qimmatbaho jangga aylandi. Jang natijasidan qat’iy nazar amerikalik bokschi 150–180 million dollar, filippinlik esa 100–120 million dollar gonorar olishi aniq edi.
12 raund davom etgan jangda bokschilar asosan himoyaga e’tibor qaratdi, yakunda Floyd Meyvezer ochkolar evaziga g‘alaba qozondi. Uchala hakam ham amerikalik bokschiga g‘alaba yozdi – 118:110, 116:112, 116:112.
Yengilmas Floyd Meyvezer 48-jangida 48-g‘alabaga erishdi.
WBO kamarini boy berib qo‘ygan Menni Pakyao esa 6-mag‘lubiyatiga uchradi. Fillippinlik bokschi faoliyatida 57 ta g‘alaba va 2 ta durangga erishgan.
Izoh (0)