Qashqadaryo viloyati G‘uzor tumanidan bo‘lgan ixtirochi quyosh energiyasi bilan harakatlanadigan universal traktor modelini yaratdi. Ahamiyatli jihati shundaki, ixtirochi Javlonbek Do‘styorov endigina 11 yoshni qarshi olgan, deb xabar beradi “Nigoh” yoshlar axborot portali.
“Ushbu traktor serquyosh yurtimizda va Markaziy Osiyo mamlakatlarida, ayniqsa, qo‘l keladi, — dedi Javlonbek. — Yonilg‘i sarflamaydigan traktordan paxta va boshqa qishloq xo‘jaligi o‘simliklariga ishlov berish jarayonida foydalanish mumkin. Uning ustki qismini yaratishda toshbaqa kosasidan andoza oldim. Chunki men yaratgan traktor quyosh energiyasi yordamida harakatlanadi, bunday ustki qismning soyasi bo‘lmaydi, energiyani tez va ko‘p to‘plashga imkon beradi”.
“Shogirdim yaratgan traktorning ishlash jarayoni oddiy, — dedi ustozi Saydullo Qoraboyev. — U xuddi quyosh energiyasini elektr energiyasiga aylantiradigan moslamaga o‘xshaydi. Bu ixtironing bugungi kundagi ahamiyati, dizayni va texnik talablari borasida jiddiy bosh qotiryapmiz. Ma’lumki, hozirda quyoshdan olinadigan energiya bilan bog‘liq loyihalar ko‘proq amaliyotga tatbiq etilgani ma’qul. Sababi quyosh energiyasi ekologiyaga xavf solmaydi, shu bilan birga, kamxarajat ekanini ham inobatga olish kerak”.
Javlonbek shu yil “Sog‘lom bola — buyuk ishlarga qodir” shiori ostida o‘tkazilgan “Yilning eng yosh ixtirochisi” respublika ko‘rik-tanlovida qatnashib, “Eng yosh ishtirokchi” nominatsiyasi bo‘yicha g‘olib deb topildi.
Izoh (0)