Ebola virusini yuqtirganlar soni 2015-yil yanvarining yakuniga qadar 550 ming kishiga yetishi mumkin. Bloomberg agentligining qayd etishicha, AQShning kasalliklar nazorati va profilaktikasi bo‘yicha markazi shunday xulosaga kelgan. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar bermoqda.
Markazning mazkur statistik ma’lumotlar o‘z aksini topadigan bayonoti kelasi hafta e’lon qilinadi. Amerikalik mutaxassislarning fikricha, agar Ebola virusi bilan yuzaga kelayotgan kasallik tarqalishini ushlab turishning favqulodda choralari ko‘rilmasa, uni yuqtirib olganlar miqdori to‘rt oydan so‘ng bir necha yuz mingga yetishi mumkin.
Juma kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan brifingda Oq uy matbuot kotibi Josh Ernest mazkur prognozni izohlar ekan, “G‘arbiy Afrika davlatlarining sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun jiddiy yordam berish zaruriyati haqiqatdan ham bor”ligini ta’kidladi.
“Shuning uchun ham prezidentimiz mutaxassislarning taxminiy ma’lumotlariga tayangan holda joriy hafta Atlantadagi kasalliklar nazorati va profilaktikasi bo‘yicha markazda bayonot berib, amalga oshirilishi mumkin bo‘lgan barcha qadamlarni tezkorlik bilan bajarib, halokatli oqibatlarga yo‘l qo‘ymaslikka chaqirdi”, — dedi Oq uyning matbuot kotibi.
Eslatib o‘tamiz, joriy haftada AQSh prezidenti Barak Obama G‘arbiy Afrikaga Ebola virusiga qarshi kurashish uchun 3000 nafar harbiy jo‘natishini ma’lum qildi.
Izoh (0)