Shotlandiyadagi referendumda mamlakatning Buyuk Britaniyadan ajralib chiqishiga qarshi tomon eng ko‘p ovoz to‘pladi, deya xabar bermoqda “ITAR-TASS”.
Bu Shotlandiya sharqidagi Fayf okrugi natijalari e’lon qilinganida ma’lum bo‘lgan edi. U yerda mustaqillikka qarshi tomon vakillari g‘olib chiqqan.
BBC telekanali xabariga ko‘ra, yana ikkita saylov okrugida natijalar e’lon qilinganicha yo‘q, biroq ular referendumning umumiy yakunlarini o‘zgartira olmaydi: mustaqillik tarafdorlari mag‘lub bo‘ldi.
Sanoq komissiyasi Edinburgda yaqin soatlar ichida referendum yakunlari haqidagi rasmiy bayonotni berishi kutilmoqda.
Shotlandiya hukumatining birinchi vaziri va Shotlandiya milliy partiyasi yetakchisi Aleks Salmond mustaqillik tarafdorlari mag‘lubiyatini tan oldi. “Mustaqillikni yoqlab 1,6 million shotlandiyalik ovoz berdi, biroq bu yetarli bo‘lmadi”, — dedi u.
Salmond shuningdek rasmiy London Shotlandiya hukumatining vakolatini kengaytirish haqida bergan va’dasini bajarishiga umid bildirdi.
O‘z navbatida Buyuk Britaniya bosh vaziri Devid Kemeron Shotlandiya mustaqilligiga qarshi targ‘ibot kampaniyasi — “Birgalikda yaxshiroq” yetakchisi Alister Darlingni referendumda “yaxshi ishlagani” bilan tabrikladi.
Izoh (0)