AQShning Nyu-York shahrida istiqomat qiluvchi Jabbar Kollinzning 15 yillik umri sud chiqargan noto‘g‘ri hukm tufayli panjara ortida o‘tdi. 10-iyul, payshanba kuni 42 yoshli Kollinz sud ishtirokisiz shtat prokuraturasi bilan 3 million dollar badal olishi haqida bitim tuzdi. Bu haqda “ITAR-TASS” xabar berdi.
1994-yil Jabbar Kollinz o‘g‘rilik qilish maqsadida bruklinlik yahudiylar ruhoniysini o‘ldirganlikda gumon qilinib, hibsga olinadi. Kollinz tergovchilarga bu bir xatolik ekanligi, jinoyat sodir bo‘lgan vaqtda u uyda bo‘lganini aytadi. Biroq sud jarayonida Kollinz jinoyat sodir etilgan joyni tark etayotganini ko‘rgan ikki guvoh qatnashadi. Shundan so‘ng u bir umrlik qamoq jazosiga mahkum qilinadi.
Jinoyatchi deb topilgan Jabbar qamoq kutubxonasiga yozilib, u yerda huquqshunoslikni o‘rganadi. Kollinz o‘zining ishiga oid ma’lumotlarni o‘rganib chiqib, bir necha bor apellyatsiyaga topshiradi.
Ko‘plab urinishlardan so‘ng, uning aybdor deb topilishiga sababchi bo‘lgan ikki shaxs prokuratura tomonidan yolg‘on guvohlik berish uchun majburlangani oydinlashdi. 2010-yil sud tomonidan yangi faktlar o‘rganib chiqilib, Kollinz aybsiz deb topildi va ozodlikka chiqdi.