Samarqand shahrida “Mirzo Ulug‘bek O‘rta asrlardagi Sharqning buyuk astronomi” mavzusida ko‘rgazma ochildi, deb xabar beradi “Turkiston press”.
Ko‘rgazmada Mirzo Ulug‘bekning astronomiya sohasidagi ilmiy ishlari hamda yaratuvchanlik faoliyati bilan bog‘liq ma’lumotlar hamda Al-Xorazmiy, Beruniy, Al-Farg‘oniy, Ibn Sino, Alisher Navoiy, Mirzo Ulug‘bek, Nodira, Uvaysiy kabi buyuk siymolar hamda Samarqand va Maydanak nomlari qo‘yilgan kichik sayyora va kraterlar tasvirlari namoyish etildi.
Shuningdek, ko‘rgazmada o‘zbek olimi, astronom O. Tursunov tomonidan yaratilgan Mirzo Ulug‘bek observatoriyasi maketi, madrasa qurilishi, u yerdagi o‘quv jarayonlari, koinotni astronomik uskunalar orqali kuzatish tasviri tushirilgan miniatyuralar ishtirokchilar e’tiborini tortdi.
— Mirzo Ulug‘bek madrasasida bu kabi ko‘rgazmalar 2008-yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda, — deydi Registon ansambli rahbari Behro‘z Ma’rufiy. — Buning uchun ilmiy ekspeditsiya ham tashkil etilib, izlanishlar natijasida Mirzo Ulug‘bek hayoti va faoliyati bilan bog‘liq ko‘plab dalillar to‘plandi. Shunday materiallardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Beruniy nomidagi Sharqshunoslik institutidan topilgan Mirzo Ulug‘bek madrasasini bezab turgan yulduzli osmon xaritasidir.