Toshkent shahridagi Samsung Electronics firma do‘konida Janubiy Koreya kompaniyasining Galaxy S5 flagman smartfoni sotuvi yo‘lga qo‘yildi. Bu haqda Mobinfo.uz xabar berdi.
Mobinfo.uz’ning ta’kidlashicha, firma do‘konidagi smartfon narxi xuddi kutilganidek bozordagi gadjet narxidan yuqori. Firma do‘konida Galaxy S5 smartfonini (16 Gb xotiraga ega) 2 million 550 ming so‘mdan xarid qilish mumkin.
Avval xabar berganimizdek, O‘zbekistonda 12-aprel kuni Galaxy S5’ning taqdimoti bo‘lib o‘tgandan so‘ng smartfon rasman sotuvga qo‘yildi. Biroq gadjetning ilk nusxalari 11-aprel kuniyoq Poytaxtning “Fleshka” savdo majmuasida taxminan 2,4 million so‘mga sotila boshlangan.
Oradan bir hafta o‘tib, Galaxy S5 narxi 2,1 million so‘mgacha tushib ketgan edi.
Mobinfo.uz’ning qayd etishicha, ayni vaqtda smartfonni “Fleshka” savdo majmuasidan 2 million so‘mga xarid qilish mumkin.
Taqqoslash uchun: Samsung Galaxy S4 smartfoni narxi esa hozirgi vaqtda taxminan 1,3 million so‘mni tashkil etadi.