Ukraina Ichki ishlar vazirligi Xarkov shahrida “aksilterror operatsiya” boshladi. Bu haqda Oliy Rada tomonidan ichki ishlar vaziri etib tayinlangan Arsen Avakov xabar berdi, deb yozadi “ITAR-TASS”.
“Aksilterror operatsiya boshlandi. Shahar markazi o‘rab olindi. Xavotirga tushmang. Operatsiya yakunlangach, ochamiz”, – deya ta’kidladi Avakov.
Avvalroq, Ukrainaning sharqiy va janubiy hududlariga mamlakatning boshqa qismlaridan militsiyaning qo‘shimcha bo‘linmalari jalb etilgan edi. “Bu maxsus bo‘linmalar tezkor topshiriqlarni hal etishga tayyor”, – deya Avakovning so‘zlarini keltiradi Ukraina IIV matbuot xizmati.
7-aprel kuni bir guruh faollar Xarkov viloyat ma’muriyati binosida “viloyat gromadasi yig‘ilishi”ni o‘tkazishgan va Xarkov viloyati kengashi deputatlariga nisbatan ishonchsizlik bildirilib, o‘zlari “muqobil deputatlar” ro‘yxatini tuzishgan. So‘ng sessiya tashkil etib, unda mustaqil “Xarkov xalq respublikasi” davlatini tuzish haqida qaror qabul qilishgan.
Izoh (0)