7-aprel kuni Ukrainaning Xarkov shahrida namoyishga chiqqan xalq o‘zlarini “muqobil deputatlar” deb atab, “mustaqil Xarkov xalq respublikasi” tuzilganini e’lon qilishdi. Bu to‘g‘rida mahalliy Status Quo agentligi xabar bermoqda, deb yozadi “Interfaks”.
Axborot agentligining ma’lumot berishicha, o‘nlab rossiyaparast faollar Xarkov viloyati ma’muriyati binosiga yig‘ilishgan. Ular viloyat kengashi deputatlariga ishonchsizlik bildirib, so‘ng o‘zlarini “muqobil deputatlar” deya e’lon qilishgan.
“Mahalliy vaqt bilan soat 19:00 ga yaqin ular ‘viloyat gromadasi yig‘ilishi’ni o‘tkazishdi, – deyiladi xabarda. – Unda Xarkov viloyati kengashi deputatlariga nisbatan ishonchsizlik bildirilib, “muqobil deputatlar” ro‘yxatini tuzishdi. Ular referendum tashkil etish uchun sessiya o‘tkazishlarini ma’lum qilishdi”.
Agentlik xabariga ko‘ra, “muqobil deputatlar” bino oldidagi zinapoyalarda turib qasamyod qilishgan va binoning birinchi qavatidagi vestibyulda “sessiya” o‘tkazishgan. Chunki ularning ichkariga kirishlariga militsiya xodimlari yo‘l qo‘yishmagan.
O‘zlarini “Xarkov hududiy gromadasi deputatlar kengashi” deb atab, mustaqil “Xarkov xalq respublikasi” davlatini tuzish haqida qaror qabul qilishgan. Bu davlat “boshqa davlatlar bilan o‘zaro teng huquqli xalqaro munosabatlar o‘rnatishi”ni ta’kidlashgan. “Muqobil deputatlar” so‘zlariga ko‘ra, bu qaror umumviloyat referendumida tasdiqlanganidan keyin kuchga kiradi.
Bundan tashqari, “Prezident Viktor Yanukovichga murojaat etish haqida” ham qaror qabul qilingan. Murojaatda undan bu yig‘ilish va uning hujjatlari qonuniyligini tasdiqlashi so‘ralishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Xarkov viloyatida referendumning tinch-osoyishta o‘tishini vositachi sifatida ta’minlashni so‘rab Rossiya Federatsiyasi hukumatiga iltimos bilan murojaat etish to‘g‘risida ham qaror qabul qilingan, deya xabar beradi Status Quo.
Izoh (0)