Xitoyning Tyanjin shahrida o‘tgan tennis bo‘yicha norasmiy jahon chempionati — “Devis Kubogi”ning Osiyo—Okeaniya mintaqasi 1-guruh o‘yinida O‘zbekiston terma jamoasi g ‘alaba qozondi. Bu haqda “Sports.uz” xabar berdi.
Qoidaga ko‘ra, musobaqaning ikkinchi kunida juftlik uchrashuvlari o‘tkazildi. O‘zbekistonning eng kuchli tennischilari – Denis Istomin va Farrux Do‘stov mezbon tennischilar Mao-Sin Gun va Chje Li duetini 6:4, 6:2, 6:2 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi va O‘zbekiston terma jamoasi umumiy hisobda oldinga o‘tib oldi – 2:1.
Musobaqa g‘olibi 6-aprelga belgilangan ikki yakkalik bahsda aniqlandi.
Dastlabki o‘yinda O‘zbekistonning birinchi raketkasi Denis Istomin xitoylik Di Vuga 1:6, 7:5, 6:3, 7:5 hisobida yutqazib qo‘yganidan so‘ng umumiy vaziyat 2:2 ko‘rinishiga keldi.
So‘nggi hal qiluvchi uchrashuvda Farrux Do‘stov Ze Zangni 6:2, 1:6, 6:3, 6:7, 6:3 hisobida mag‘lubiyatga uchratdi. Umumiy hisob – 3:2, O‘zbekiston termasi foydasiga. Shunday qilib, terma jamoa Jahon ligasining pley-offiga yo‘llanmani qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, birinchi kungi yakkalik bahslarda Denis Istomin g‘alaba qozonib, Farrux Do‘stov esa mag‘lub bo‘lgan edi. Shunga ko‘ra, 1:1 hisobi qayd etilgan edi.