Avval xabar berganimizdek, Amerikaning sobiq maxsus xizmat xodimi Edvard Snouden 16-iyul kuni Rossiya Federatsiyasining Federal migratsiya xizmatidan rasmiy tarzda vaqtinchalik boshpana so‘ragan edi. Bugun “RIA Novosti” agentligiga asoslanib, Gazeta.uz ma’lum qilishicha, Snouden Rossiyadan bir yillik muddat bilan vaqtinchalik boshpana oldi.
“Sheremetyevo” tranzit hududida bir oydan ortiq vaqt davomida kun o‘tkazgan sobiq agent aeroportni tark etdi. Uning advokati Anatoliy Kucherena so‘zlariga ko‘ra, Snouden aeroportdan yakka o‘zi taksiga o‘tirib ketgan. “Men uni kuzatib qo‘ydim, u xavfsiz joyga ketdi”, — deb qo‘shimcha qildi advokat.
Ma’lum qilinishicha, Snouden Rossiyadan bir yil muddatga boshpana olgan. Endi esa u Federal migratsiya xizmati bo‘limlaridan birida ro‘yxatdan o‘tishi kerak bo‘ladi.
Edvard Snouden Amerika maxsus xizmatlarining butun dunyodagi internet foydalanuvchilarini kuzatib borish imkonini beruvchi dastur haqida OAVga oshkor qilgan edi. U AQShdan qochib, Gongkong orqali 23-iyun kuni Moskvaga kelgan va shundan buyon “Sheremetyevo” tranzit hududida yashab kelgan. Biroq uning Amerika pasporti bekor qilingani sababli aeroportni tark eta olmayotgan edi. Iyul oyi o‘rtalarida esa sobiq agent Rossiyadan siyosiy boshpana so‘ramoqchi ekanligini ma’lum qilgan edi.