Shveysariya hukumati, Federal kengash soddalashtirilgan tartibdagi vizalarni berish bo‘yicha Bern va Moskva o‘rtasida tuzilgan kelishuvni to‘xtatdi, deb xabar beradi “RBK”.
“Natijada viza olish istagidagi Rossiya fuqarolari yana avvalgi tartibga qaytadi. Shu tarzda Federal kengash Yevropa Ittifoqi qarorini ma’qullaydi va Yevropadagi viza siyosatining yakdilligiga hissa qo‘shadi”, — deyiladi xabarda.
Tomonlar 2009-yilda soddalashtirilgan viza rejimini qo‘llashga kelishib olgan edi, deya eslatib o‘tdi Bern.
Unga ko‘ra, Rossiyaning “ma’lum toifadagi fuqarolari uchun” vizalar berish tartibini yengillashtirish, shuningdek, tegishli to‘lovlarni kamaytirish yoki bekor qilish ko‘zda tutilgan edi.
Shveysariya hukumatining joriy qarori rossiyaliklarga viza berishni butunlay taqiqlashni anglatmaydi, deya ta’kidladi Shveysariya hukumati.
Shveysariya rossiyaliklarga Shengen vizalar bilan bir qatorda milliy vizalar ham berar edi. Bunday fuqarolar tranzit va mehnat vizalarini olishi mumkin edi.Yevroittifoq 9-sentabr kuni rossiyaliklar uchun soddalashtirilgan viza rejimini bekor qilgan. Yevrokomissiyaning ushbu masala bo‘yicha tushuntirishida konsulliklar qisqa muddatli Shengen vizalarini berish qoidalarini mustaqil ravishda belgilashi mumkinligi, shu jumladan, diplomatlar va Rossiyadagi elchixonalar xodimlarining chiqarib yuborilishini hisobga olishi aytilgan.
Изоҳ (0)