O‘zbekistonda 7-martdan barcha gaz zapravkalar ochiladi. Bu haqda Energetika vaziri matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev xabar qildi.
Qayd etilishicha, tabiiy gaz bosimining me’yoriy sxemaga qaytgani munosabati bilan 7-mart, payshanba kunidan e’tiboran mamlakatdagi barcha avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalari ochiladi.
17-fevral kuni Buxoro viloyatida yuz bergan kuchli shamol tufayli 110 kV kuchlanishga ega “L-Gazli-1” hamda “L-Gazli-2” elektr uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi natijasida “Gazli” kompressor stansiyasidagi 8 ta hamda “Gazli” gazni qayta ishlash zavodiga qarashli “Uchqir” kompressor stansiyasidagi 2 ta gaz haydash agregati favqulodda to‘xtagan, oqibatda tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemadagidan qisqarib, magistral gaz quvurlarida bosim nisbatan pasaygandi.
Gaz bosimining kamayishini inobatga olgan holda, birinchi navbatda, aholi xonadonlari va ijtimoiy soha obyektlarini tabiiy gaz bilan taʼminlash maqsadida O‘zbekistondagi barcha metan zapravkalar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilgandi.
22-fevraldan metan zapravkalarga kiritilgan cheklovlarni bosqichma-bosqich olib tashlash boshlandi. Energetika vazirligi matbuot xizmati tabiiy gaz hajmi meʼyoriy sxemaga yaqinlashayotganini, biroq gaz bosimining pastligi meʼyoriy sxemaning to‘liq tiklanishini kechiktirayotganini bildirgandi.
Izoh (0)