Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Birinchi aviaqatnov, zamonaviy mehmonxonalar, osma dor yo‘li - bugungi Zomin

Zominda qurilayotgan yangi aerodromga 24-iyul kuni Toshkentdan ilk samolyot parvozi amalga oshirildi. Samolyot bortida O‘zbekistonning yetakchi ommaviy axborot vositalari va blogerlarni ko‘rish mumkin edi.

Poytaxtdan uchgan Let L-410 rusumli 19 o‘ringa mo‘ljallangan samolyot belgilangan manzilga 32 daqiqada yetib keldi va mahalliy aholi tomonidan tantanali kutib olindi.

Samolyot bahonasida Jizzaxning so‘lim maskaniga kelgan OAV vakillari mazkur turistik-rekreatsion zonada amalga oshirilayotgan ishlarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rmasdan ketmasliklari tayin edi. Axir transport tizimidagi bunday yangiliklarning birlamchi sababchisi shubhasiz turistik maqsadlar bo‘lishi aniq.
2020-yilning dekabrida Shavkat Mirziyoyevning “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi faoliyatini hamda xalqaro umummavsumiy tog‘-chang‘i kurortini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilingandi. O‘zbekiston prezidentining 2021-yil 6-apreldagi tegishli farmoni bilan esa mazkur zona tashkil etilgan. Farmonga ko‘ra, “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi, “Zomin” turistik-rekreatsion zonasi direksiyasi” davlat unitar korxonasi hamda turistik zona hududida “Suffa platosi. 2 400” xalqaro umummavsumiy kurorti va “O‘riklisoy” turizm majmuasi tashkil etgan edi.
Bugungi kunda “Zomin” turistik-rekreatsion zonasini rivojlantirish konsepsiyasi hamda hududda turizm sohasini kompleks rivojlantirish chora-tadbirlari dasturiga muvofiq hududda jami 4 400,7 milliard so‘m investitsion loyihalar amalga oshirilmoqda.
Loyihalarning ba’zilari allaqachon ishga tushirilgan bo‘lsa, boshqalarining qurilishi davom etmoqda. Masalan, tijorat banklarining investitsiya mablag‘lari hisobiga umumiy qiymati 466,1 mlrd.so‘mga teng bo‘lgan 3 ta uch yulduzli mehmonxonalar qurib bitkazilgan bo‘lib, bugungi kunda ular sayyohlar va xorijiy mexmonlar uchun xizmat ko‘rsatib kelmoqda.
Bundan tashqari hozirda qurilish ishlari olib borilayotgan joylar qatorida sayyohlar uchun birlamchi darajada muhim sanalgan jami 100 sayyohga xizmat ko‘rsatuvchi sog‘lomlashtirish markazi, savdo va xizmat ko‘rsatish markazi, ko‘p qavatli avtoturargoh, zamonaviy restoran va osma ko‘prik, Germaniya texnologiyasi asosidagi zamonaviy dor yo‘li va ko‘p qavatli avtoturargoh kabi obyektlarni ko‘rish mumkin. Ularning qatorida “Shale” uslubidagi kottej uylari, mehmonxona xodimlari uchun 300 o‘rinli yotoqxona hamda 600 o‘rinli restoran kabi muhim binolar ham mavjud.
Bosh rejaga ko‘ra hududda dastlabki qiymati 2,8 trillion so‘m bo‘lgan quyidagi obyektlar ham qurilishi rejalashtirilgan:
– 225 o‘rinli Anjumanlar saroyi
– oilaviy ko‘ngilochar markaz
– 4 ta to‘rt yulduzli mehmonxonalar
– 7 ta, uch yulduzli mehmonxonalar
– 5 ta yo‘nalishda zamonaviy dor yo‘llari
– 6 ta apartament uylar
– 7 ta restoran va kafelar
– 8 km uzunikdagi tog‘ chang‘i uchish trassalari
– 13 ta yozgi attraksionlar
Muhandislik-kommunikatsiya va avtomobil yo‘llari infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha loyihalarga ham alohida e’tibor berilishi ko‘zda tutilgan. Bunda ichki va tashqi ichimlik va oqava suv tizimlari uchun 6 ta turli inshootlarni qurishga qariyb 97 milliard so‘m yo‘naltirilgan bo‘lsa, hududni elektrlashtirish ishlariga 200 milliard so‘m sarflanadi. Yo‘l-transport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha jami uzunligi 17 km ni tashkil etuvchi avtomobil yo‘llarini taʼmirlash, piyodalar va velosoped yo‘laklarini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda. Ushbu obyektning umumiy qiymati 193,4 milliard so‘mni tashkil etadi.
Qurilishi tugallanay deb qolgan zamonaviy dor yo‘li esa Zomin sanatoriysidan boshlab 2640 metr uzunlikda joylashtirilgan va jami 36 ta kabinaga ega. U soatiga 200 kishini olib chiqib tusha oladi. Dor yo‘lining eng baland tayanch ustuni 35 metr, tayanch ustunlari orasidagi eng katta masofa 615 metrdan iborat.
Suffa tepaliklaridan pastga tushib kelar ekansiz, bu yerda “Zominsoy” kanali atrofida aholiga maishiy xizmat ko‘rsatish shaxobchalari va ko‘ngilochar maskanlari bitay, deb qolganiga guvoh bo‘lasiz. Ularning ayrimlari hozirdanoq xizmat ko‘rsatmoqda. Loyiha doirasida 127,0 mlrd so‘m mablag‘ hisobiga 23 ta obyekt ishga tushirilishi belgilangan.
Made on
Tilda