Qozog‘istonning Pavlodar shahrida boks bo‘yicha o‘smirlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida o‘zbekistonlik bokschilar muvaffaqiyatli ishtirok etib, 3 ta oltin, 3 ta kumush va 3 ta bronza medalini qo‘lga kiritdi va umumjamoa hisobida ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda “Sports.uz” xabar bermoqda.
-60 kilogramm vazn toifasida ringga ko‘tarilgan O‘zbekiston vakili Bilolbek Mirzarahimov finalda hindistonlik Dahiya Ankushga hech qanday imkoniyat qoldirmay, O‘zbekiston termasi hisobiga ilk oltin medalni taqdim etdi. Shuningdek, -69 kilogramm vaznda Ulug‘bek Sobirov final jangida qozog‘istonlik Oleg Matveychukni 2:1, -81 kilogramm vaznda Sanjar Tursunov hindistonlik Reyal Purini 3:0 hisobida mag‘lub etib, oltin medallarga sazovor bo‘ldi.
Final janglarining eng yengil, -49 kilogramm vaznda o‘zbekistonlik bokschilardan Otabek Xolmatov mezbonlar vakili Vasiliy Samchukka 1:2, -91 kilogramm vaznda Shohruz Rahimov qozog‘istonlik Dmitriy Axtsigerga 1:2, +91 kilogramm vaznda Abdulla Xudorganov qozog‘istonlik Nurduvlat Ulanuliga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘ldi va kumush medalni qo‘lga kiritdi.
“Sports.uz”ning ma’lum qilishicha, avvalroq Shunqor Aburasulov (-56 kg), Ziyodbek O‘rolov (-64 kg) hamda Shohruh Rustamov (-75 kg) bronza medallariga sazovor bo‘lgan edi.
Izoh (0)