Toshkent shahar hokimligi poytaxtning qator chorraha va ko‘chalarini ta’mirlash hamda rekonstruksiya qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar boshlanishini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ishlarning asosiy qismi may oyidan sentyabrigacha – maktablar va oliy o‘quv yurtlarida ta’til kunlarida amalga oshiriladi. Ishlar asosan tungi vaqtda bajariladi.
Poytaxtdagi piyodalar va haydovchilar bu ishlarning og‘irligini his qilmasliklari uchun barcha imkoniyatlarimizni ishga solamiz, — deyiladi xabarda.
Ta’kidlanishicha, ish birinchi marta keng ko‘lamda, yangi qoplama (SHMA) turlaridan foydalangan holda amalga oshiriladi. Shu bilan birga, yer osti kommunikatsiyalari ham tekshiriladi.
Hokimlik ish jarayonida haydovchilar uchun ham, piyodalar uchun ham noqulayliklar tug‘ilishi muqarrarligi sabab oldindan uzr so‘rab, fuqarolardan vaziyatni tushunishlarini so‘radi.
Mart boshlarida prezidentga Toshkentdagi gavjum chorraha va ko‘chalarni tartibga solish orqali tirbandliklarni bartaraf etishga oid loyiha taqdimot qilingandi. O‘shanda mazkur loyiha sinov tariqasida Toshkent shahridagi ikkita yirik chorrahada — Bobur va Furqat ko‘chalari kesishmasida hamda Bog‘ishamol va Toshkent avtomobil halqa yo‘li kesishuvida amalga oshirilishi ma’lum qilingan edi.
Izoh (0)