Amerikaning Apple kompaniyasi eng yirik smartfon ishlab chiqaruvchilar ro‘yxatida ikkinchi o‘ringa tushib, birinchi o‘rinni Janubiy Koreyaning Samsung kompaniyasiga boy berdi. Bu haqda IDC (Xalqaro ma’lumotlar korporatsiyasi) tadqiqotiga tayanib, Reuters xabar berdi.
IDC’ga ko‘ra, joriy yilning birinchi choragida iPhone yetkazib berish taxminan 10 foizga qisqargan. Bu Android smartfon ishlab chiqaruvchilari raqobatining kuchayishi tufayli sodir bo‘lgan. Apple yil boshida 50,1 million dona iPhone sotgan, o‘tgan yili mazkur ko‘rsatkich 55,4 million donani tashkil etgan edi. Xitoyda Apple smartfonlarini yetkazib berish 2023-yilning oxirgi choragida o‘tgan yilga nisbatan 2,1 foizga kamaygan.
Yanvar—mart oylarida global smartfon yetkazib berish 7,8 foizga oshib, 289,4 million donani tashkil etgan. Samsung ulushi 20,8 foiz, Apple — 17,3 foiz, Xiaomi — 14,1 foizga to‘g‘ri kelgan.
Joriy yilning boshida o‘zining eng so‘nggi flagman smartfonlar qatori Galaxy S24 seriyasini taqdim etgan Samsung birinchi chorakda 60 milliondan ortiq smartfon sotgan. Avvalroq Samsung 2021 va 2022-yillardagi eski smartfonlar uchun Galaxy AI joriy qilishi xabar qilingandi.
Izoh (0)