Afg‘onistonda mavsumiy yomg‘irlar sabab bo‘lgan suv toshqinlari kamida 33 kishining hayotiga zomin bo‘ldi. Yana 27 kishi jarohatlangan. Bu haqda “Tolibon” harakati vakillari axborotiga tayanib, Deutsche Welle xabar berdi.
Afg‘oniston tabiiy ofatlarni boshqarish vazirligining “Tolibon” vakili Abdulla Janan Sayekning ma’lum qilishicha, 12-aprel kuni poytaxt Kobul va mamlakatning bir qancha viloyatlarida suv toshqinlari kuzatilgan. 600 dan ortiq uy vayron bo‘lgan, 200 ga yaqin chorva mollari nobud bo‘lgan.
Suv toshqini 800 gektarga yaqin qishloq xo‘jaligi ekinlari va 85 kilometrdan ortiq yo‘llarga zarar yetkazdi, — dedi Sayek.
Mahalliy meteorologiya boshqarmasi yaqin kunlarda Afg‘onistonning 34 viloyatining aksariyatida yomg‘ir yog‘ishi kutilayotgani haqida ogohlantirgan. Eng ko‘p yog‘ingarchilik G‘azni, Kobul, Qandahor va Nangarhor viloyatlariga to‘g‘ri kelishi kutilmoqda.
AFP nashrining ta’kidlashicha, 2021-yilda Afg‘onistonda Tolibon hokimiyatni qo‘lga kiritganidan so‘ng, mamlakatga tashqi yordam hajmi qisqargan. Bu esa tabiiy ofatlarning oqibatlarini bartaraf etishni qiyinlashtirmoqda.
Izoh (0)